Mohir tarjimon va adiv Sa’dulla Karomatov 1928 yilda Buxoroda tug‘ildi. O’rta ma’lumotni ham shu yerda oldi 1949 yilda O’rta Osiyo Davlat dorilfununining filologiya fakultetini tugatgach, O’zbekiston Radiosida ishladi.
Sa’dulla Karomatovning jurnalistik faoliyati 1954 yildan boshlandi. 60-yillarda ro‘znoma sahifalarida u ocherknavis sifatida ko‘rindi. 1963 yilda esa uning yirik janr dagi birinchi nasriy asari – “Tog’lar tabassumi» nomli hujjatli qissasi yozildi. So’ng “Amuning zar kokillari”, “Go’zallik ramzi”, “Kumush kamar” kabi ocherklar to’plamlari bosmadan chiqdi.
Keyingi yillarda «Bir tomchi qon» (1968), “Tog’ go’zali” (1968), “Hijron” (1969), “E’tiqod” (1970) qissalalri bosilib chiqdi. Bu asarlar 1971—1973 yillarda rus kitobxonlariga ham yetib bordi.
So‘nggi yillarda geologlar hayotidan olib yozilgan “Oltin qum” va cho‘llarii o‘zlashtirayotganlarga bag‘ishlangan «So‘nggi barxan» romanlarini yaratdi. Sa’dulla Karomatov Jyul Vernning «Suv ostida 8000 mill», turkman yozuvchisi Qilich Kulievning «Qora karvon» romanlarini, eron yozuvchilarining hikoyalar to’plamlarini, tojik yozuvchisi Yusuf Akobirovning “Tegirmon to‘xtagach” qissasini o‘zbek tiliga tarjima qildi. Yozuvchi Vadim Kojevnikovning «Peshin chog‘i kungay tomonda» degan romanini ham o‘zbek tiliga o‘girgan. Sa’dulla Karomatovga O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi faxriy unvoni berilgan. Adib 1986 yili Toshkentda vafot etdi.