Ham jurnalist, ham shoir, ham dramaturg, ham nosir Jumaniyoz Jabborov Qashqadaryo viloyati, Koson nohiyasidagi Po‘loti qishlog‘ida 1930 yili dunyoga kelgan. O’rta maktabni tugatib, Toshkent Davlat dorilfununida tahsil ko‘rgan. 1952—1953 yillarda Moskvadagi Adabiyot oliy kursida o‘qigan. Shundan so‘ng «Sharq yulduzi» oynomasida (1953— 1962) avval bo‘lim boshlig’i, so‘ng mas’ul kotiblik qilgan, 1962—1964 yillarda «Gulxan» oynomasiga muharrir bo‘lgan. 1964—1976 yillarda «Sovet O’zbekistoni» («O’zbekiston ovozi») ro‘znomasida bo‘lim boshlig’i, bosh muharrir o‘rinbosari vazifalarida ishlaydi. 1976—1981 yillar mobaynida Respublika partiya Markaziy qo‘mitasida sho‘ba mudiri, 1981—1985 yillarda G’afur G’ulom nashriyotida direktor, 1985—1990 yillarda esa O’zbekiston Yozuvchilari uyushmasi qoshidagi tarjima ishlari bo‘limi maslahatchisi, 1990 yildan to hozirgi kungacha O’zbekiston Davlat mukofotlar qo‘mitasi bo‘yicha mas’ul kotib bo‘lib ishlab kelmoqda.
Jumaniyoz Jabborovning adabiy faoliyati 50-yillardan boshlangan. Hozirgacha yigirmadan ortiq she’riy, nasriy to‘plamlar, o‘nlab dostonlar va dramalar yaratgan. Ashsh chog‘da bolalar shoiri sifatida «Tog’dagi uchrashuv» (1986), «Guljahon va Hasanjon» (1968) to‘plamlarini yaratgan. Uning birinchi she’riy to‘plami esa 1953 yilda «Vatanimni uylayman» nomi bilan chop etilgan. Shundan so‘ng «Bahor nafasi» (1956), «Maqsad yo‘lida» (1958), «Tog’lar sadosi» (1961), «Ona yer qo‘shig‘i» (1962), «Subhidam xayollari» (1964), «She’rlar» (1966), «Sahro sanami» (1967), «Lirika» (1970), «Ilhom daqiqalari» (1971), «E’tiqod» (1978), ikki jildlik «Saylanma» (1980—1981), «Xayolimda o‘zing» (1985), «Ko‘pglim go‘zali» (1991) kabi she’r va dostonlar to‘plamlari, «Dostonlar» (1974), «Quyosh yurti» (1983) kabi yirik poemalar majmuasi, «20 kun daftari» (1967), «Sohillar hikoyasi» (1978) kabi nasriy asarlar yig‘indisi nashr bo‘lgan. Shuningdek, «Gulshan» (1957), «Tog‘lar sadosi» (1959), «Ona yer qo‘shig‘i» (1961), «Sahro sanami» (1966), «Yo‘ldagi o‘ylar» (1968), «Dishloq-dagi haykal» (1970), «Muhabbat naqqoshi» (1980) kabi dostonlar yaratilgan.
U mohir shoir, hikoyanavis, ocherknavisgina emas, taniqli dramaturg sifatida ham barakali ijod qilib keladi. Ayniqsa, u yaratgan «O’jarlar» (1971), «Yillar o‘tib» (1975), «To‘ydan oldin tomosha» (1979), «Mening oppoq kabutarim» kabi dramalari Toshkentda, qator viloyat teatrlarida, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston respublikalari sahnalarida qo‘yilib keladi.
Jumaniyoz Jabborov mohir va sermahsul tarjimon sifatida Lermontov, Bayron va Firdavsiylar asarlarini o‘z ona tilida so‘zlatgan.
Shoir, nosir, dramaturg va jurnalist Jumaniyoz Jabborov adabiyot va xalq oldidagi ana shu xizmatlari uchun qo‘sha-qo‘sha orden va medallar, faxriy yorliqdar bilan taqdirlangan. 1980 yilda esa unga O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi unvoni berilgan.