Taniqli shoir Husniddin Sharipov 1933 yili Namanganda tug’ildi. U o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgach, Toshkent qishloq xo‘jaligi institutining o‘rmonchilik fakultetida (1949—-1954) tahsil oldi. So‘ngra u o‘rmon xo‘jaligi idorasida injener (1954—1956), «Namangan haqiqati» ro‘znomasida mas’ul kotib (1956—1960), «O’zbekiston madaniyati»da adabiy xodim, (1960—1962) «Sharq yulduzi» oynomasi (1962—1969) muharririyatida bo‘lim mudiri lavozimlarida xizmat qildi.
Husniddin Sharipovning birinchi she’riy kitobi «Nihol» 1956 yili nashr etildi. Shoirning «Ko‘ngil buyurgani» (1961), «Quyoshga oshiqman» (1962), «Yerning qalbi» (1962), «Tuproqqa qasida» (1965), «Men sizga aytsam» (1968), «Chavandoz», (1974), «Xirmon» (1985), «Yana visol» (1987) she’riy kitoblari, «Bir savol» (1973) she’riy romani kitobxonlar mehrini qozondi.
Shoir keyingi yillarda «Sotvoldidan salom» «Tanovar», «Birinchi dovon», «Adolat zamini» kabi qator asarlarini o‘quvchilar hukmiga havola etdi.
Husniddin Sharipov «Seni sevaman» (1958), «Ota o‘g‘li» (1965), «Afsona» (1974) pesalarining ham muallifidir.
Shoir o‘z asarlarida davrining eng muhim masalalarini, xalqimizning fidokorona mehnatini, xalq va Vatan baxt-saodatini kuylab kelmoqda. Unga «O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni berilgan.